+29° Kechasi +17°
Farg'ona (Bugun, 5 oktabr)
Bugungi valyuta kurslari:

$ 12 741.02 so'm (-16.92 so'mga)
134.38 so'm (-0.68 so'mga)
14 062.26 so'm (-63.33 so'mga)
14-01-2024, 08:00
63

Amerikada prezidentlikka nomzodlarni tanlash boshlanmoqda. Respublikachilarda Tramp yetakchi

Ayova shtati yana Amerika siyosati diqqat markazida - dushanba kuni bu yerda prezidentlikka nomzodlarni tanlash mavsumi boshlanadi. 

Foto: Reuters

Bu yil demokratlar grafikni biroz o‘zgartirishgan, ammo respublikachilar yarim asrlik an’analarga sodiq qolishgan, unga ko‘ra nomzodlarning ilk saylovi 15 yanvar kuni aynan Ayovada o‘tkaziladi.

Ayovada kokus (nomzodlarni tanlash jarayoni)respublikachilar va demokratlar uchun turlicha o‘tkaziladi. 2020 yilda demokratlar protsedurani o‘zgartirishgan: nomzod pochta orqali tanlanadi va keyin natijalar e’lon qilinadi.

Respublikachilar esa oldindan bo‘lib kelgani kabi dushanba kuni kechqurun har bir uchastkada yig‘ilishlar o‘tkazadi (odatda maktab, jamoat markazi yoki shunga o‘xshash boshqa joylar). Ovoz berish huquqiga ega saylovchilar avvaliga nomzodlarni muhokama qiladi, keyin esa o‘z favoritining familiyasini qog‘ozga yozib, uni yig‘ilish raisiga uzatadi. Rais esa ovozlarni hisoblaydi va natijalarni partiyaning shtatdagi ofisiga yuboradi, u yerda bir necha soat ichida ovozlar hisoblab chiqilib, natijalar e’lon qilinadi.

Partiyaning prezidentlikka nomzodi tanlanadigan Respublikachilar milliy qurultoyiga Ayova shtatidan 40 nafar delegat boradi.

Tramp yetakchilik qilmoqda

Dam olish kunlarida Ayovadagi bar va restoranlardagi televizorlarning ekranlarida deyarli uzluksiz siyosiy bayonotlar berilishi boshlandi, hovlilarda va derazalarda tashviqot plakatlari paydo bo‘ldi.

Saylovchi respublikachilarni birinchi navbatda chegara xavfsizligi va iqtisodiyot masalalari tashvishlantirmoqda. Nomzodlik uchun poygada sobiq prezident Donald Tramp yetakchilik qilmoqda. Ikkinchi o‘rin uchun jiddiy raqobat mavjud: so‘rovlarga ko‘ra, BMTdagi sobiq elchi Nikki Heyli va Florida gubernatori Ron DeSantis qariyb teng ketmoqda, lekin so‘nggi so‘rovnoma Heyli DeSantisni biroz ortda qoldira boshlaganini ko‘rsatgan — 16 foizga qarshi 20.

Des Moines Register/NBC News/MediaCom o‘tkazgan so‘rovga ko‘ra, kokusda ishtirok etishni niyat qilganlardan 48 foizi Tramp uchun ovoz berishga tayyor, 20 foizi Janubiy Karolinaning sobiq gubernatori va AQShning BMTdagi sobiq elchisi Nikki Heylini, 16 foizi — Florida gubernatori Ron DeSantisni qo‘llamoqchi, qolgan nomzodlarning reytingi 10 foizdan oshmaydi.

DMR/NBC dekabr oyida o‘tkazgan so‘rovga ko‘ra, Tramp 51 foiz ovoz olgandi, oktyabr oyida esa — 43 foiz, bu vaqtda uning asosiy raqiblari 20 foiz ham to‘plamagandi.

«Men Tramp ustun kelishiga deyarli aminman, chunki men bilan gaplashganlarning aksari unga ovoz bermoqchi», — deydi Ayovada hafta davomida ikkinchi bor yoqqan qorni kurash asnosida Jo Van Ginkel.

Van Ginkel — Respublikachilar partiyasining okrugdagi vakili bo‘lib, partiyaning boshqa ko‘plab mahalliy arboblari qatorida Trampni qo‘llab-quvvatlaydi.

«O‘ylaymanki, odamlar uni qo‘llashining ko‘plab sabablari bor. U prezident bo‘lganida yaxshi ishladi», — deydi Van Ginkel.

Uning rafiqasi esa Nikki Heyliga ovoz bermoqchi, chunki Tramp jamoatchilikka aytayotgan gaplarning barchasi ham unga yoqmaydi.

Trampning boshqa bir tarafdori, yuk tashish xizmati sohasida ishlovchi Mayk Uilyams ko‘plab sud ishlarini nazarda tutgan holda sobiq prezidentga qarshi ishlashi mumkin bo‘lgan omillar borligini tan oladi. Ammo u Tramp hokimiyatga kelsa, o‘zini tashvishga solayotgan muammolarni hal qilishiga ishonchi komil: «Iqtisodiyot, chegara, barchasi. Hozirda barchasi yomon».

Hali kimga ovoz berish haqida bir qarorga kelmaganlar orasida ham Tramp baribir prezidentlikka nomzod bo‘ladi, degan qarash bor.

«Menga barcha nomzodlarimiz ma’qul, — deydi Ayova markazi De-Moyn shahridagi bar egasi Brayan Mun. — Agar har bir nomzoddan oz-ozdan olib, supernomzod qilish imkoni bo‘lganida, men baxtiyor bo‘lgan bo‘lardim. Ammo bunaqasi bo‘lmaydi».

Tramp shtatda birinchi bo‘lishini nima bilan izohlash mumkinligi haqidagi savolga javoban shunday degan: «Milliarder ekaniga qaramay, u chindan ham hammamizga o‘xshagan odam. U nutq qilishni yoqtiradi, u qiziqarli, o‘ziga tanqidiy ko‘z bilan qaraydi va men o‘ylaymanki, bu unga Ayovadagi odamlar bilan muloqotni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi».

Boshqa nomzodlar

Boshqa nomzodlarning tarafdorlari asosan sobiq prezident lavozimini tark etgan vaqtda boshlangan va hamon davom etayotgan mojarolarga havola qiladi va partiya siyosati oq qog‘ozdan boshlanishini xohlashlarini aytishadi.

34 yoshli Ronald Forsellning hisoblashicha, Nikki Heyli — Respublika partiyasi perezagruzka tugmasini bosish uchun imkoniyatdir.

«Biz kimningdir tvitterda yozgani yoki noroziligi hukmronlik qiladigan davrdan chiqishimiz kerak, — deydi u. — Shunday hissiyot borki, so‘nggi olti-sakkiz yilda biz bir inqirozdan boshqasi tomon yurdik, va men o‘ylaymanki, Heyli bizga boshqa masalalar bo‘yicha jiddiy muhokamalar qilish imkoniyatini taqdim etadi».

Ron DeSantis tarafdorlarini uning Florida gubernatori sifatida qilgan ishlari, xususan, kovid pandemiyasi chog‘ida lokdaun joriy etishni istamagani va maktablarda gender tenglik o‘rgatilishini taqiqlagani o‘ziga jalb etgan.

«Donald Tramp ham mening nomzodim bo‘lgan bo‘lardi, ammo u faqat qilib bo‘lgan ishlari haqida gapiradi, — deydi Urbandeyldan bo‘lgan 41 yoshli Jyennifer Terner. — Men u nima qilmoqchiligi va bunga qanday erishmoqchiligi haqidagi gaplarni eshitmayapman».

Ayovadagi kokuslar arafasida Tramp shtatdagi tarafdorlari bilan virtual miting o‘tkazdi

Shtat aholisining ayrimlari Demokratik partiyadan nomzod bo‘lishi deyarli aniq bo‘lgan Jo Baydenni yenga oladigan istalgan nomzodni qo‘llashga tayyor. Ammo ular umummilliy miqyosda respublikachilar nomzodi uchun ovoz berishga tayyor bo‘lgan saylovchilarning keng koalitsiyasini tuzish oson bo‘lmasligidan xavfsiramoqda.

To‘rtta sud va 50 praymeriz

Shanba kuni kechqurun De-Moynedagi mehmonxonaga kelgan Trampning o‘zi bu yerdagi sovuq haroratdan nolidi, ob-havo sharoiti tufayli dam olish kunlariga belgilangan tadbirlarining aksarini bekor qilishga to‘g‘ri kelgan.

«Bugun bizda ko‘plab uchrashuvlar bor, bizda barchasi yaxshi, katta qo‘llovga egamiz. Ammo ko‘chada izg‘irin», - degan Tramp jurnalistga.

Odatda prezidentlik saylovlari yilida nomzodlar saylovga qadar butun 10 oyni praymeriz vaqtidagi mitinglarda saylovchilar bilan qo‘l berib salomlashish va chaqaloqlarni o‘pish bilan o‘tkazishadi.

Ammo Tramp bu yil Oq uy uchun kurash bilan bir vaqtda to‘rtta ish bo‘yicha yanvardan may oyiga qadar davom etadigan sud jarayonlari uchun federal va shtatlardagi sudlarga ham qatnashiga to‘g‘ri keladi.

Ulardan birinchisi, Jin Kerrollga yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha ish Ayovadagi kokuslar kunida boshlanadi, maxfiy hujjatlarga aloqador federal jarayon esa Respublikachilar partiyasi qurultoyiga bir oy vaqt qolganida ochiladi.